Chiziqcha qachon qoʻyiladi?
Chiziqcha (-) kichik belgi, lekin koʻp joyda kerak boʻladi. Quyida lotin yozuvidagi imlo qoidalarining eng koʻp ishlatiladiganlari.
Juft va takror soʻzlar
Juft soʻz va takror soʻz qismlari chiziqcha bilan yoziladi:
el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson.
Qismlar orasida -u yoki -yu kelsa, chiziqcha undan oldin qoʻyiladi, qismlar esa ajratib yoziladi:
doʻst-u dushman, kecha-yu kunduz.
Belgini kuchaytiruvchi shakllar
qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, toʻppa-toʻgʻri, bab-baravar.
Oʻrtasida -ma yoki ba- kelgan soʻzlar
koʻchama-koʻcha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam.
Yuklamalar
-chi, -a (-ya), -ku, -u (-yu), -da, -e, -ey (-yey) yuklamalari chiziqcha bilan yoziladi:
sen-chi, sen-a, bola-ya, keldi-ku, yaxshi-yu, yaxshi-da, oʻgʻlim-ey.
Lekin -mi, -oq (-yoq), -ov (-yov), -gina (-kina, -qina) yuklamalari soʻzga qoʻshib yoziladi:
keldimi?, keliboq, oʻziyoq, mengina.
Raqam bilan yozilgan tartib sonlar
Tartib son arab raqami bilan yozilsa, -nchi qoʻshimchasi oʻrniga chiziqcha qoʻyiladi:
7-sinf, 60-yillar, 1991-yilning 1-sentabri.
Rim raqamidan keyin chiziqcha qoʻyilmaydi:
XX asr, X sinf.
Manba: Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari, 51–56-bandlar.